2016-yilda jami 50 million dollarlik o‘zbek gilosi eksport qilindi. Bu haqda “O‘zagroeksport” AJ matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston gilos yetishtirish bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinda turadi (yiliga 100 ming tonna). Undan kamida 30 foizi har yili MDH va uzoq xorij davlatlariga eksport qilinadi.
“O‘zagroeksport” AJ tomonidan mahallliy muassasalar bilan hamkorlikda nafaqat eksport hajmini oshirish, balki o‘zbek gilosi eksporti geografiyasini kengaytirish va diversifikatsiyasi bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.Jumladan, joriy yilda asosiy eksport qilinuvchi davlatlardan tashqari, yangi gilos Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, BAA va boshqa mamlakatlarga yuborildi.
Qayd etish joizki, Koreya tomonining talablari o‘rganib chiqilganidan so‘ng mas’ul muassasalar sa’y-harakati bilan o‘zbek gilosini Janubiy Koreyaga eksporti taqiqi olib tashlandi. Eksport shartnomalari imzolanib, eksport barqaror ravishda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, koreyalik hamkorlar bilan anor va qovun eksporti bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Marketing tadqiqotlariga ko‘ra, Boltiqbo‘yi, Yevropa va Janubi-sharqiy Osiyo davlatlarida O‘zbekistonning yangi va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlari katta talabga ega bo‘lmoqda.
Shu nuqtai nazardan, xorijda yangi hamkorlarni qidirib topish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. BAA, Yaponiya, Janubiy Koreya, Fransiya, Germaniya va boshqa mamlakatlar kompaniyalari bilan eksport hajmini oshirish masalasi o‘rganilmoqda.
Izoh (0)