Filippinda IShID terrorchilik tashkiloti tomonidan egallab olingan Maravi shahrida 14 soat davom etgan jang oqibatida 13 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘ldi hamda 40 ga yaqini jarohat oldi. Bu haqda Reuters agentligiga tayanib, “Korrespondent.net” xabar berdi.
Xabar berilishicha, harbiylar Agus daryosidagi ko‘prikni kesib o‘tib, shahar savdo markaziga yaqinlashayotganida granatamyot hamda snayperlar o‘qi oqi ostida qolgan.
“Snayperlarining har bir o‘qidan kimdir halok bo‘ldi yoki jarohat oldi”, — dedi shahardan turib janglarni har kuni kuzatayotgan nafaqadagi polkovnik Pendaton Guro.
Mindanao orolining markaziy qismidagi janglar to‘rt haftadan beri davom etmoqda.
“Jangarilar qancha ko‘p mudofaada tursa, prezident Rodrigo Dutertening hokimiyati shunchalik katta zarar ko‘radi… U Maravi shahrini bir necha kun ichida jangarilardan ozod qilishga va’da bergan. Kurashning cho‘zilib ketishi IShID mintaqada xalifalikni tashkil qilishi xavfini ortishiga sabab bo‘ladi”, — deb yozadi agentlik.
May oyi oxirida Maravi shahridagi hukumat kuchlari hamda IShID jangarilari o‘rtasidagi kurashlar oqibatida 100 dan ortiq odam, jumladan, tinch aholi ham halok bo‘ldi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)