Rossiya aviatsiyasi havodan bergan zarba natijasida Suriyada IShID yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy o‘ldirildi, deb yozadi Meduza Rossiya mudofaa vazirligiga tayanib. Vazirlik xabarida aytilishicha, ushbu axborot tekshirishni talab qiladi.
Rossiyalik harbiylar ma’lum qilishicha, aviazarba 28-may kuni IShIDning Suriyadagi “poytaxti” deb ataluvchi Raqqa shahri yaqinidagi nishonga berilgan. Su-35 va Su-34 samolyotlari terrorchilar yetakchilari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tayotgan qo‘mondonlik punktini bombardimon qilgan.
Mudofaa vazirligi zarba natijasida 300 dan ortiq jangari, shu jumladan, IShIDning 30 nafar dala qo‘mondoni o‘ldirilganini qayd etmoqda.
OAVlarda al-Bag‘dodiyning o‘limi haqida ko‘p marta xabarlar tarqalgan, ammo ular biror marta o‘z tasdig‘ini topmagan.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)