FXX xodimlari 25-may kuni IShID terrorchilik tashkilotining to‘rt nafar a’zosini qo‘lga olib, Moskva metropolitenidagi teraktlar seriyasining oldini oldi, deb xabar berdi “Kommersant”.
Jangarilarning ko‘rsatma berishicha, ularning birinchi nishoni “kofirlar iste’mol qiladigan cho‘chqa go‘shti” restorani bo‘lgan, biroq keyinroq “Tyopliy Stan” metro bekatida portlash uyushtirish, shuningdek, yo‘lovchilarga nisbatan avtomat va granatalarni qo‘llashni maqsad qilgan.
“Terrorchilar poytaxtda portlashni amalga oshirib, futbol bo‘yicha Konfederatsiyalar kubogi o‘tkazilishiga to‘sqinlik ko‘rsatishi kerak bo‘lgan”, — deb yozadi nashr. Hujumni juma kunlarining birida, metro bekatida odam ko‘p bo‘lganida amalga oshirmoqchi bo‘lishgan. Jangarilar Turkiyadan ko‘rsatma olgan.
Nashr manbalarining so‘zlariga ko‘ra, qo‘lga olish operatsiyasi Moskvaning Novo-Peredelkino hududidagi bir-biridan unchalik uzoq bo‘lmagan uylarda amalga oshirilgan. Har bir IShID vakili alohida xonadonda ijarada turgan. Uylardan birini portlovchi qurilmalar ishlab chiqaruvchi sexga aylantirishgan.
Shuningdek, u yerdan avtomobil o‘t o‘chirgichi ostida niqoblangan qo‘lbola bomba ham topilgan. Uning ichi ammiakli selitra, shakar qumi, mix va gaykalar bilan to‘ldirilgan. Bomba eshik radioqo‘ng‘irog‘i orqali masofadan turib ishga tushirilishi kerak bo‘lgan. FXX ekspertlarining ma’lumotlariga ko‘ra, Peterburg metrosida ham xuddi shu turdagi qurilma ishlatilgan.
Boshqa xonadonlardan avtomat va granatalar topilgan.
Qo‘lga olingan shaxslar Coca-Cola ishlab chiqaruvchi tashkilotda yuk tashuvchi bo‘lib ishlagan: bir nafari Dog‘iston (Magomed Davudov), ikki nafari O‘zbekiston (Furqat Kushayev va Muhammadyusuf Ashurov) fuqarosi. Yana bir qo‘lga olingan shaxs tojikistonlik (Abdushukur Gulmirzayev) bo‘lib, terrorchilik ishlarida qatnashmaganini, undan faqat “yashirin” ishlarda foydalanishganini aytdi. Qolganlar esa “ixtiyoriy va ko‘ngilli” ravishda IShIDga a’zo bo‘lganliklarini tan oldi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)