Xiaomi kompaniyasi katta ekranli, ajoyib batareyali va yaxshigina protsessorli Mi Max 2 smartfonini rasman taqdim etdi, deb yozadi “Hi-tech.mail.ru”.
Mi Max 2 butunlay metall korpus va 6,44 dyuymli ekranga ega bo‘ldi. Uni 4 Gb tezkor va 64 yoki 128 Gb doimiy xotira bilan sotib olish mumkin. Qurilma 12 megapikselli asosiy va 5 megapikselli old kamera, stereodinamiklar va orqa paneldagi barmoq izi skaneri bilan jihozlangan. Mi Max 2 Qualcomm Snapdragon 625 chipsetida ishlaydi.
Kompaniya ta’kidlashicha, qurilmaning 5300 mA/soat sig‘imli batareyasi smartfonning ikki kun zaryadsiz ishlashiga imkon beradi. Akkumulyator bir soatda 68 foizgacha quvvat oladi, to‘liq quvvat esa foydalanuvchiga 18 soatgacha video ko‘rish yoki 57 soat suhbat rejimida bo‘lish imkonini beradi.
Xiaomi Mi Max 2 Xitoyda 1-iyundan 1699 yuandan boshlanadigan narxda sotuvga chiqadi, bu 64 Gb versiya uchun taxminan 250 dollarni, 128 Gb versiya uchun esa 290 dollarni tashkil etadi.
Izoh (0)