AQShning Ogayo shtati Menfild shahridagi “Shoushenkdan qochish” filmi sahnalarining birida foydalanilgan eman daraxti kesildi. Daraxt to‘nkasi 8-aprelda arralab tashlandi. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Daraxtni kesish haqidagi qaror 2016-yil iyul oyida kuchli shamol uni sindirganidan so‘ng qabul qilingan. Daraxt joylashgan hudud egalaridan biri Den Disning aytishicha, daraxt bu joyni ko‘rishga kelgan film muxlislari va sayyohlar uchun xavf tug‘dira boshladi.
Dis kesilgan daraxt to‘nkasini sotishdan bosh tortdi. Avvalroq daraxtning bir qismi hudud yaqinida joylashgan Mensfild qamoqxonasiga olib borilgan. Mazkur axloq tuzatish muassasasi aslida mavjud bo‘lmagan Shoushenk qamoqxonasini filmda aks ettirgan.
Filmning bosh qahramoni Endi Dyufreyn (Tim Robbins) qamoqxonadan qochib, daraxt ostida do‘sti Redga (Morgan Friman) maktub qoldiradi. Red ozodlikka chiqqandan so‘ng maktubni oladi. “Shuni bil, Red, umid — yaxshi, balki dunyodagi eng yaxshi narsa — u hech qachon o‘lmaydi”, — deb yoziladi maktubda.
1994-yilda taqdim etilgan film “Oskar” mukofotining yettita yo‘nalishiga nomzod sifatida qo‘yilgan, biroq birorta ham sovringa ega bo‘lmagan.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)