Shvetsiya politsiyasi rahbariyati Stokgolmdagi terakt munosabati bilan qidirilayotgan shaxsning suratini e’lon qildi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.
https://twitter.com/nieuwsblog/status/850373512346914816
Suratda yashil kurtka va kapyushonli kulrang kofta kiygan erkak aks etgan. Suratlar hodisa joyidagi kuzatuv kameralari yordamida olingan.
Politsiya surati ko‘rsatilgan shaxsni gumonlanuvchi deb atashni istamadi, biroq fuqarolarga u bilan muloqotga kirishmaslikni, faqatgina uning qayerda ekani haqida huquqni muhofaza qilish organlariga axborot berishni tavsiya qildi.
Politsiya suratda aks etgan odamning o‘zidan ham tezroq huquqni muhofaza qilish organlari bilan aloqaga chiqishni iltimos qilgan.
Avvalroq Shvetsiya bosh vaziri Stefan Lyoven teraktda gumon qilinib bir kishi qo‘lga olinganini ma’lum qilgan edi. Politsiya bu axborotni tasdiqlamadi.
7-aprel kuni kunduzi o‘g‘irlangan yuk mashinasi Stokgolm markazidagi piyodalar ko‘chasiga kirib, odamlar ustiga bosib bordi va univermag oynasiga borib urildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida uch nafardan besh nafargacha odam halok bo‘lgan, sakkiz kishi tan jarohati olgan. Politsiya hozircha qurbonlar va jabrlanuvchilar haqida axborot bermasligini bildirdi.
Mavzuga doir:— Stokgolmdagi terakt. Asosiy ma’lumotlar— Video: Teraktdan so‘ng Stokgolm markazida nima bo‘lyapti?
Izoh (0)