O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-mart kuni AQShning yetakchi kompaniyalaridan biri — General Electric vitse-prezidenti Ronald Jeyms Pollettni qabul qildi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Shavkat Mirziyoyev mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston va AQSh ishbilarmon doiralarining uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga qiziqishi ortib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Bugungi kunda O‘zbekiston korxonalarining General Electric bilan hamkorligi energetika majmui, fuqaro aviatsiyasi va sog‘liqni saqlash sohalarini qamrab olgan.
Uchrashuv chog‘ida ushbu kompaniya bilan uzoq muddatli, ayniqsa, yuqori texnologik tarmoqlardagi hamkorlikni yanada kengaytirish va diversifikatsiya qilish istiqbollari muhokama qilindi.
Bular elektr energetika, neft va gaz, elektrotexnika sanoati, zamonaviy tibbiy jihozlar ishlab chiqarish, ularga xizmat ko‘rsatish va boshqa yo‘nalishlardagi yangi dastur va loyihalardan iboratdir.
Uchrashuvda mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ronald Jeyms Pollett samimiy qabul va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik bildirib, General Electric O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini ta’kidladi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)