Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 10—11-fevral kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Angor tumanidagi Zang gilambob qishlog‘ida Shodi bobo Xo‘shboqov xonadonida bo‘lib, otaxon va u kishining umr yo‘ldoshi Salomat momo bilan suhbatlashdi, deb yozadi O‘zA.
“Davlatimiz rahbarining uyimizga kelgani, dildan muloqot qilgani, hol-ahvol so‘raganiga hali ham ishongim kelmaydi. Tavba deyman, shuncha ishdan ortib oddiy fuqarolar xonadoniga borish, u bilan gurung qilish, turmushi, sharoiti, o‘y-fikrlari bilan qiziqish uchun odam qanchalar bag‘rikeng bo‘lishi kerak ekan-a, deb o‘ylayman-da”, – deydi Shodi bobo.
“O‘zingiz qarang-da, umri bino bo‘lib daladan boshqasini ko‘rmagan odam mamlakat Prezidenti bilan o‘z uyida gurung qilib o‘tirsa, birovga aytsang ishonmaydi. Lekin shunday bo‘ldi. Davlatimiz rahbari bilan oilamizning kundalik turmushi, mahallamiz hayoti, farzandu nabiralar tarbiyasi, o‘qishi, ishi, dehqonchilik sirlari, yurtimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar, xullas, hamma narsa haqida gaplashdik”, — deydi Shodi bobo.
Shodi bobo Xo‘shboqov bu yil 84 yoshni qarshi oldi. Hali bardam, fikri teran, xotirasi mustahkam. Bolaligi Ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri kelgan Shodi bobo tengdoshlari qatori ne-ne qiyinchiligu mashaqqatlarni boshidan o‘tkazdi. O‘spirinlik davrida urush asoratlarini qalban his etdi, ocharchilikni ko‘rdi. Halol mehnat qilib, dehqonchilik sirlarini o‘rgandi.
Umr yo‘ldoshi Salomat momo Rahimova bilan 8 o‘g‘il, 2 qizni tarbiyalab, voyaga yetkazdi. O‘g‘illari qo‘li gul usta, hunarmand bo‘ldi. O‘ttizdan ortiq nevara, yigirmaga yaqin chevara qurshovida piru badavlat hayot kechirayotgan otaxon va onaxon bugungi osoyishta va obod hayotga shukrona keltiradi, el-yurtga tinchlik so‘rab duo qiladi.
Shodi bobo Xo‘shboqov farzandlari va nevaralariga ham dehqonchilik sirlarini obdan o‘rgatib, ularga yerga mehr berish zarurligi, halol mehnat orqasidan ro‘zg‘or tebratish lozimligini uqtirgan. O‘tgan yili otaxon tomorqada yetishtirilgan kartoshkadan 25 million so‘mdan ortiq daromad olgani buning yaqqol tasdig‘idir.
“Prezidentimiz uyimizdan qaytgach, bizga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan Captiva mashinasini sovg‘a qilib yuboribdilar. Ko‘p yashasin. Boshimiz ko‘kka yetdi, ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Bu kampir ikkovimizning umrimizda olgan eng ulug‘ sovg‘a bo‘ldi. Ha, o‘zini bilgan odamga bundan ortiq e’tibor, bundan ortiq g‘amxo‘rlik bo‘lmaydi-da. Bundan faxrlanaman”, — deydi Shodi bobo.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)