Isroil prezidenti Reuven Rivlin mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning Meksika hukumati tomonidan AQShning ushbu mamlakat bilan chegara bo‘ylab devor qurish rejalarining qo‘llab-quvvatlanishi deb baholangan tviti uchun meksikalik hamkasbidan uzr so‘radi, deb yozadi “Korrespondent.net”.
“Men ushbu anglashilmovchilik natijasida yetkazilgan har qanday zarar uchun uzr so‘rayman, biroq biz gap tushunmovchilik haqida borayotganini yodda tutishimiz kerak. Ishonchim komil, ushbu masalani ortda qoldira olamiz”, — dedi Rivlin Meksika prezidenti Enrike Penya Nyeto bilan telefon suhbati chog‘ida.
Penya Nyeto Netanyaxuning Twitter’dagi posti ikki mamlakat hamkorligiga talafot yetkazganini ta’kidladi. Shunga qaramay, u o‘z suhbatdoshini Meksikaning Isroil bilan yaxshi aloqalarni saqlab qolish istagida ekanligiga ishontirdi.
Nashr eslatishicha, avvalroq Isroil bosh vaziri o‘z Twitteriga: “Prezident Tramp haq. Men Isroilning janubiy chegarasiga devor qurdim. Bu noqonuniy muhojirlikni to‘xtatdi. Katta muvaffaqiyat. Ajoyib g‘oya”, — deb yozgan edi.
Izoh (0)