Eron Amerika fuqarolariga kirish vizalarini berishni to‘xtatadi. Bu haqda, “Kommersant” xabariga ko‘ra, mamlakat tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif ma’lum qilgan.
Diplomatning qayd etishicha, bu AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan imzolangan va Yaqin Sharqning yetti mamlakati, xususan, Eron fuqarolarining AQShga kirishini taqiqlovchi farmonga “o‘ziga xos javobdir”.
Vazirning ta’kidlashicha, Tehron tomonidan joriy etilayotgan cheklovning istisno holatlari ham bo‘ladi. “Bu holatlar Eron Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ko‘rib chiqiladi va shu asosda qaror qabul qilinadi”, — dedi Javod Zarif.
AQSh prezidenti Donald Tramp 27-yanvar kuni yetti mamlakat — Iroq, Yaman, Eron, Sudan, Liviya, Suriya va Somali fuqarolarining AQShga kirishini uch oyga taqiqlab qo‘ydi.
Bu taqiq mazkur mamlakatlarning AQSh vizasiga ega fuqarolariga ham taalluqli. Bundan tashqari, qochoqlarni qabul qilish dasturi ham 120 kunga to‘xtatilgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)