Turkiyada o‘zbekistonlik erkak rashk sababli xotinini pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda Bosh konsulxona xabar berdi.

Keltirilishicha, 17-avgust kuni Turkiyaning Istanbul shahri, Umraniye tumanida Samarqand viloyatidan kelib vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan 35 yoshli O‘zbekiston fuqarosi N.S. eri O‘zbekiston fuqarosi U.S. tomonidan rashk oqibatida pichoqlab o‘ldirildi.
Istanbul politsiyasi tomonidan olib borilgan qidiruv ishlari davomida gumondor 18-avgust kuni ertalab Umraniye hududida qo‘lga olindi. Shuningdek, jinoyatchini yashirinishda yordamlashganlikda gumon qilinayotgan, asli Jizzax viloyatidan bo‘lgan B.O. ham politsiya tomonidan ushlandi.
Surishtiruv ishlari yakuniga yetgach, 19-avgust kuni gumonlanuvchilarga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda hodisa yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda.
Marhumaning jasadini O‘zbekistonga yuborish bo‘yicha zarur hujjatlar rasmiylashtirildi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan yordam ko‘rsatilmoqda.
Izoh (0)