Ispaniyaning “Barselona” klubi argentinalik hujumchi Lionel Messini jamoada olib qolish uchun uni jahonda eng katta maosh oladigan futbolchiga aylantirishga tayyorligini bildirdi. Sharti — u “Barselona” bilan karyerasining yakuniga qadar bo‘lgan shartnomaga imzo chekishi kerak.
“Sports.ru” bergan ma’lumotga ko‘ra, Kataloniya klubi Messiga yanvar oyining so‘nggiga qadar yangi shartnoma taklif qiladi. 29 yoshli futbolchi uning shartlariga rozi bo‘lib, faoliyatini “Barselona”da davom ettirishga qaror qilsa, dunyoda eng katta maosh oluvchi futbol yulduziga aylanadi.
Ayni paytda argentinalik boshqa bir hujumchi Karlos Teves eng katta maosh oladigan futbolchi hisoblanadi. Uni o‘z safiga qo‘shib olgan Xitoyning “Shanxay Shenxua” futbol klubi yiliga 40 million dollarning bahridan kechishga rozi bo‘lgan. Bu haftasiga 763,5 ming dollar deganidir.
Messining o‘zi “Barselona”ning qaroridan hayratda bo‘lsa-da, shartnomaga imzo chekishga shoshilmasligi mumkin. Chunki unga puldan ko‘ra sovrinlar muhimroq. “Barselona” yana bir necha yillar davomida ham bugungi mavqesida qola olishiga Messini ishontirishi kerak bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Lionel Messining “Barselona” bilan amaldagi shartnomasi 2018-yilning yoz faslida o‘z yakuniga yetadi.
Avvalroq Manchester klublaridan biri Messiga “Barselona” bilan shartnomaga imzo chekmaslik uchungina 100 million yevro berishga tayyorligini bildirgandi. Uni o‘z safida ko‘rishni istayotgan jamoalar katta summalarni taklif qilayotgani uchun ham “Barselona” futbolchini saqlab qolish uchun 1,5 yil oldin harakatga tushib qoldi.
Izoh (0)