AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp atrofidagi kishilar bo‘lg‘usi Amerika yetakchisining Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ehtimoliy uchrashuvi haqidagi xabarlarni rad etdi, deb yozadi “TASS”. Uchrashuv, go‘yoki, respublikachi o‘z lavozimiga kirishgach, Reykyavikda o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Trampning vakillaridan biri ushbu axborotni “yuz foiz yolg‘on” deb atagan.
Avvalroq The Sunday Times gazetasi AQShning saylangan prezidenti lavozimiga kirishganidan so‘ng bir necha hafta o‘tgach, Reykyavikda Rossiya yetakchisi bilan uchrashishni istashi haqida xabar bergan edi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu ehtimoliy muzokaralar chog‘ida Tramp yadroviy qurol-yarog‘larni cheklash bo‘yicha bitim ustidagi ishlarni boshlashni rejalashtirmoqda.
Moskva, The Sunday Times qayd etishicha, ikki yetakchi sammitiga rozilik bermoqchi. Islandiya tashqi ishlar vaziri esa mamlakat hukumati muzokaralarni tashkillashtirishda yordam berishga tayyorligini bildirgan.
Izoh (0)