AQSh Milliy gvardiyasining poytaxt Vashingtondagi qo‘shinlari qo‘mondoni general Errol Shvars 20-yanvar kuni tushki payt vakolatlarini zimmasidan soqit qilish haqida buyruq oldi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Buyruqda ko‘rsatilgan payt Vashingtonda saylangan prezident Donald Trampning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tadi. Shvarsning qo‘l ostidagilar va mamlakatning turli hududlaridan yuboriladigan yana 5 ming gvardiyachi mazkur tadbir xavfsizligini ta’minlashda ishtirok etadi.
“Askarlarimni ko‘chaga kuzataman, biroq ularni kutib ololmayman. Belgilangan muddat o‘ta g‘ayrioddiy. Biroq men prezident tomonidan tayinlanadigan askarman va u meni ishdan bo‘shatishga haqli”, — deya ta’kidladi Shvars.
The Washington Post nashriga ko‘ra, Shvarsni lavozimiga kichik Jorj Bush tayinlagan. Barak Obama prezidentlikni egallagach, o‘rnatilgan tartibga binoan u ikki bor iste’foga chiqish istagini bildirdi, biroq ikki holatda ham uning talabi qondirilmadi. Trampning o‘tish ma’muriyati iste’foni qabul qilgan ko‘rinadi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)