Fransiyaning L’Equipe nashri Yevropada eng katta maosh oluvchi murabbiylar reytingini tuzib chiqdi. Uni “Barselona” klubi ustozi Luis Enrike boshqarib turibdi, deb yozdi “Sports.ru”.
Ispaniyalik mutaxassis “Barselona”ga ustozlik qilayotgani uchun har oy 1,56 million yevro maosh oladi. Bunda uning pullari soliqlardan tashqari ekani ham ko‘rsatilgan.
Kuchli uchlikdan Manchester shahri titanlarini boshqarib borayotgan Xosep Gvardiola va Joze Mourinyo o‘rin egalladi. “Manchester Siti” ispaniyalik murabbiyning xizmatlari uchun har oy 1,48 millionlik chiqim qiladi. “Yunayted” esa portugaliyalik mutaxassisga har 30 kunda 1,36 million to‘laydi.
Madridning “Real” klubiga ustozlik qilayotgan, jamoasi bilan qisqa vaqt ichida Yevropa Chempionlar Ligasi va klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionatida zafar quchgan Zinedin Zidan beshlikka ham kira olmadi. “Qirollik klubi”dan oyiga 449 ming yevro oladigan Zidan 9-pog‘onada qayd etilgan.
Qiziq tomoni, Zidan Luis Enrikedan 3,5 barobar kam maosh oladi. Har ikki mutaxassis murabbiy sifatida bunga qadar ikki bor to‘qnash kelgan bo‘lib, shularning bittasida Zidan muvaffaqiyat qozongan, yana bittasida g‘olibni aniqlab bo‘lmagan. Ayni vaqtda Zidan boshqaradigan “Real” La Ligada “Barselona”ni ortda qoldirmoqda.
Aytib o‘tilgan kuchli beshlikni “Bavariya” va “Arsenal” ustozlari yakunladi. Karlo Anchelotti Bundesliga klubidan roppa-rosa 1 million yevro ishlab topadi. Vengerning London klubidagi oyligi esa 820 ming yevroga teng. Ma’lumot uchun, Yevropa Chempionlar Ligasining 1/8 finalida aynan shu murabbiylar o‘zaro to‘qnash keladi.
O‘ntalikdan, shuningdek, Diyego Simeone (770 ming), Yurgen Klopp (692 ming), Antonio Konte (641 ming) va Unai Emeri (420 ming) joy olgan. “Yuventus” Massimiliano Allegriga 415 ming, “Borussiya Dortmund” esa Tomas Tuxelga 340 ming yevro to‘lashi aniqlangan.
Izoh (0)