2016-yilgi mavsumda O‘zbekiston Oliy Ligasini 3-o‘rinda yakunlagan va mamlakat kubogi finaliga qadar yetib borgan Qarshining “Nasaf” klubini birdaniga 9 nafar futbolchi tark etishi mumkin. Bu haqda “Championat.asia” nashri ma’lumot berdi.
Avvalroq “Nasaf” 2016-yilning 2-davrasida klubga kelib qo‘shilgan Ognen Krasichni jamoada olib qolmagandi. Krasichning o‘zi bu borada “Nasaf” yangi shartnoma taklif qilmaganini bildirgan. Keyinroq esa Fozil Musayev Yaponiyaning “Jubilo Ivata” klubi bilan shartnoma imzoladi.
“Championat.asia”dagi xabarda aytilishicha, “Nasaf” rahbariyati yana 9 nafar futbolchi bilan yangi shartnoma shartlari borasida kelishuvga erishmagan: Eldorbek Suyunov, Sherzod A’zamov, Shuhrat Muhammadiyev, Farruh Sayfiyev, Igor Golban, Dilshod Rahmatullayev, Bahrom Abdurahimov, Azamat Allaniyazov, Ildar Mamatkazin va Shahboz Erkinov. Ko‘rinishidan bu futbolchilar yangi mavsumni boshqa klublar safida boshlaydi.
Klubni qaysi futbolchilar tark etgani borasida “Nasaf” matbuot xizmati xabar bermagan. Nomlari keltirib o‘tilgan futbolchilar jamoaning asosiy figuralari hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, “Nasaf” Oliy Liga—2016 ning ikkinchi davrasida jamoaning ikki yetakchisi — Artur Gevorkyan va Erkin Boydullayevni ham saqlab qola olmagandi. Gevorkyan Toshkentning “Lokomotiv” klubi bilan shartnoma imzolagan bo‘lsa, Boydullayev “Qizilqum” variantini afzal bilgandi.
Izoh (0)