Olmaotada jinoyat ishlari bo‘yicha ixtisoslashgan tumanlararo sud o‘n kishining o‘limida ayblanayotgan Ruslan Kulekbayevni o‘lim jazosiga mahkum etdi, deb yozadi “Gazeta.ru”.
Kulekbayev sud majlisi chog‘ida bir nechta politsiya xodimlari va fuqaro shaxslarni o‘ldirganlik bo‘yicha o‘z aybini tan oldi. Bundan tashqari, u o‘z qilmishidan afsusda emasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u o‘ldirgan odamlar “noto‘g‘ri yo‘lda” bo‘lgan. Shuningdek, u huquq-tartibot organlari xodimlaridan “musulmon birodarlari”ga jabr qilgani uchun o‘ch olganini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda 24-oktabr, dushanba kuni Olmaota va Aqto‘bedagi teraktlar ishi bo‘yicha asosiy sud jarayonlari boshlandi. Qizilo‘rda viloyatining 27 yoshli fuqarosi Ruslan Kulekbayev 18-iyul kuni Olmaotada IIB binosi va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi departamentiga hujum qilganlikda ayblanayotgan edi.
Shuningdek, sudga Kulekbayev bilan hujum uyushtirish va noqonuniy qurol saqlash, qurol sotib olish va o‘qotar qurollar yasashda ayblanayotgan besh kishi ham topshirilgan.
Izoh (0)