Qirg‘iziston prezidenti devoni vakillarining aytishicha, 2010-yil iyunidagi referendumda qabul qilingan mamlakat konstitutsiyasining asl nusxasi mavjud emas. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Milliy parlament deputatlari asosiy qonunga o‘zgartish kiritish uchun joriy yil dekabrida referendum o‘tkazish to‘g‘risida so‘rov kiritdi. Shu munosabat bilan devonda ma’lum qilinishicha, asosiy qonunga kiritilgan o‘zgartishlar har doim prezident tomonidan deputatlar ishtirokida imzolangan, ammo 2010-yilgi konstitutsiya bundan mustasno.
“Konstitutsiyaning yagona uzil-kesil matni referendumgacha ham, referendumdan keyin ham rasmiy shaxslardan hech kim tomonidan imzolanmagan. 2010-yili bunday marosimsiz ish ko‘rishga qaror qilishdi”, — deyiladi devon xabarida.
Shu tariqa, konstitutsiyaning tegishli shaxslar tomonidan imzolangan asl nusxasi bugungi kunda mavjud emas.
“Rasman qonun buzilmagan, negaki konstitutsiya imzolanishni talab etmaydi. Amalda esa bu bilan yuridik jarayonlarga bepisandlik hamda saylovchilarga behurmatlik namoyish etilgan”, — qo‘shimcha qilinadi hujjatda.
Izoh (0)