10-oktabr kuni Toshkent shahridagi Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabida Tashkent Challenger–2016 tennis turnirining yakkalik va juftlik bahslarining asosiy to‘r uchrashuvlariga start berildi, deb xabar bermoqda. “Gazeta.uz”.
ATP reytingida 687-o‘rinni egallab turgan o‘zbekistonlik 18 yoshli tennischi Jo‘rabek Karimov birinchi davrada bosniyalik Mirza Bashichga (174-o‘rin) qarshi bahs olib bordi va 4:6, 3:6 hisobida imkoniyatni boy berdi.
O‘zbekiston vakillaridan yana biri – 17 yoshli Humoyun Sultonov (742-o‘rin) birinchi davrada slovakiyalik Lukash Latsko (116-o‘rin) bilan kuch sinashib, 4:6, 3:6 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Dunyo reytingida 1450-o‘rinda borayotgan 23 yoshli o‘zbekistonlik Shonig‘mat Shofayziyev 25 yoshli belgiyalik tennischi Yannik Mertensga (258-o‘rin) qarshi kortga chiqdi va yakunda 4:6, 2:6 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Juftlik bahslarida rossiyalik Mixail Yelgin bilan tandem hosil qilgan O‘zbekistonning birinchi raketkasi Denis Istomin birinchi davrada o‘zbekistonlik tennischilardan tashkil topgan Shonig‘mat Shofayziyev va Humoyun Sultonov dueti ustidan 6:4 6:2 hisobida zafar quchib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Izoh (0)