Xalqaro olimpiya qo‘mitasi ijroiya qo‘mitasi a’zosi, Xalqaro yengil atletika federatsiyasi vitse-prezidenti va Ukraina milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari Sergey Bubka O‘zbekistonga keldi. Bubka va Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Aleksey Kondratni O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Murod Aliyev hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov kutib oldi, deya xabar beradi “Gazeta.uz”.
Sergey Bubka Milliy olimpiya qo‘mitasi yangi binosi, Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi va Olimpiya shon-shuhrati muzeyi bilan tanishdi.
Tomonlar sportni rivojlantirish sohasida tajriba almashish, shuningdek, O‘zbekiston va Ukraina sport federatsiyalarining sportchilar tayyorlash va murabbiylar malakasini oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorligini ko‘zda tutuvchi memorandumni imzoladi.
Muzokaralar chog‘ida Sergey Bubka va Aleksey Kondrat O‘zbekistonda yengil atletika bo‘yicha nufuzli musobaqalar o‘tkazish imkoniyatini muhokama qildi.
Sergey Bubka O‘zbekiston terma jamoasining XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi muvaffaqiyatli ishtiroki bilan qutladi.
Izoh (0)