Toshkentda 1-oktabr, shanba kuni Mustaqillik ko‘chasining avval yopilgan bir qancha uchastkalarini ochishga tayyorgarlik ishlari boshlandi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Qurilish texnikalari va ishchilar Mustaqillik va Abdulla Qodiriy ko‘chalari chorrahasidagi yo‘l o‘tkazgich (Hamid Olimjon maydoni) qarshisidagi qiyalik yo‘lini tozalamoqda. Toshkent shahar hokimligi vakillari mazkur uchastka aynan qaysi muddatda ochilishini ma’lum etgani yo‘q, biroq ishlar jadallik bilan olib borilishini va’da qilmoqda. Mazkur yo‘lning ochilishi shoh ko‘chada Shahrisabz ko‘chasidan Oloy bozoriga tomonga harakatlanuvchi avtotransportlar oqimining sezilarli darajada kamayishiga xizmat qilishi lozim.
Yaqin kunlarda o‘tgan yil iyul oyida yopilgan Sayram ko‘chasining 7-tor ko‘chasi bilan kesishgan qismining (Davlat statistika qo‘mitasi binosi olida) ham ochilishi kutilmoqda. Bu esa shu atrofda yashovchi fuqarolarning ishga va uyga qatnashidagi masofani bir necha kilometrga qisqartirishga imkon tug‘diradi.
Bir vaqtning o‘zida Mustaqillik va Oqqo‘rg‘on ko‘chalari kesishmasidagi chorrahaning ochilishi bo‘yicha ham ishlar boshlab yuborildi. O‘tgan yil avgustida bu yerda qarama-qarshi tomonga harakatlanishni butunlay cheklaydigan to‘siqlar o‘rnatilgan edi.
Qurilish ishlarida ishtirok etayotganlar turli yillarda yopilgan boshqa ko‘chalarning ham ochilishini istisno etmadi.
Izoh (0)