Indoneziya va Singapurning yirik aviakompaniyalari parvoz vaqtida Samsung Galaxy Note 7 smartfonidan foydalanishga qo‘yilgan taqiqqa qo‘shildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“Bu telefonlarni yoqish va quvvatlantirish bizning reyslarimizda butunlay taqiqlangan”, — deyiladi Singapore Airlines bayonotida.
Indoneziyaning Garuda Indonesia milliy aviakompaniyasi ham ushbu taqiqni qo‘lladi. “AQSh federal aviatsiya boshqarmasining tavsiyasiga ko‘ra, aviakompaniyaning barcha reyslarida ushbu qurilmani parvoz vaqtida yoqish, ‘parvoz’ rejimida ishlatish hamda samolyot bortida quvvatlantirish taqiqlandi”, – dedi jamoat bilan aloqalar departamenti rahbari Benni Butarbutar.
Aviakompaniya vakillari Galaxy Note 7 smartfonlari foydalanuvchilari ko‘p bo‘lishiga qaramay, bo‘lib o‘tgan hodisalar sabab bunday taqiqni qo‘llashga majbur bo‘lganini ma’lum qildi.
Qayd etish kerakki, AQSh aviatsiya boshqarmasi aviayo‘lovchilarga Galaxy Note 7 smartfonidan foydalanmaslikni tavsiya qilgandi. Keyinroq AQSh rasmiylari Samsung Galaxy Note 7 smartfonlaridan voz kechishga chaqirdi.
Avvalroq Avstraliya aviakompaniyalari yo‘lovchilarga Samsung Galaxy Note 7 smartfonidan bortda foydalanishni man etgandi.
Izoh (0)