Avstriyada qayta prezidentlik saylovlarini o‘tkazish muddati pochta orqali ovoz berish uchun mo‘ljallangan konvertlardagi nuqson — sifatsiz yelim tufayli ko‘chiriladi. Bu haqda 12-sentabr, dushanba kungi matbuot anjumani chog‘ida mamlakat ichki ishlari vaziri Volfgang Sobotka ma’lum qildi, deya xabar beradi “RBK”.
Saylovlar 2-oktabrda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgandi. Ular o‘tkaziladigan yangi sana sifatida Sobotka 27-noyabr yoki 4-dekabrni taklif etdi. Yakuniy qaror Avstriya parlamenti tomonidan qabul qilinishi lozim.
Nuqsonli konvertlar ularni ishlab chiqarish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqqan DPI Data Print Innovation Holding kompaniyasiga tegishli bo‘lib, hozir buning sabablarini politsiya o‘rganmoqda. Yangi konvertlarni tayyorlash davlat bosmaxonasi zimmasiga yuklatildi.
Izoh (0)