Checheniston rahbari vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi Ramzan Qodirov 27-avgust kuni yuz bergan ofat natijasida uylari zarar ko‘rgan ehtiyojmand kishilarga ko‘mak berishni buyurdi. Bu haqda u Instagram sahifasida ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“Bir necha kundan keyin yangi o‘quv yili boshlanishini hisobga olib, zarar yetgan maktablarni eng qisqa muddatlarda qayta tiklash kerak. Albatta, sog‘liqni saqlash obyektlari alohida nazoratda bo‘lishi kerak. Shuningdek, jabrlanganlar orasida eng ehtiyojmandlarini aniqlab, ularga vayron bo‘lgan uylarini tiklashda moddiy yordam berish kerak”, — deya qayd etdi Qodirov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kuchli yomg‘ir, shiddatli shamol va do‘l natijasida to‘rtta tumanda vayronagarchiliklar yuzaga kelgan. “372 ta uy, shu jumladan, 27 ta ko‘p xonadonli uy to‘liq yoki qisman vayron bo‘ldi. 22 ta ijtimoiy ahamiyatga ega bino — maktablar, masjidlar, bolalar bog‘chalari, kasalxonalar, Madaniyat uylari, OTMlar, shuningdek, o‘nta infratuzilma obyekti zarar ko‘rdi”, — deyiladi Qodirovning xabarida.
Jala, shiddatli yomg‘ir va do‘l Chechenistonda 27-avgust kuni kuzatildi. Ofat natijasida bir kishi jarohat olib, vafot etdi, yana uch kishi statsionar davolanishda. Ayni paytda respublikada favqulodda vaziyat rejimi joriy qilingan.
Avvalroq Ramzan Qodirov respublikada tabiiy ofat — shiddatli shamol va momaqaldiroqli yomg‘ir oqibatlarini bartaraf etish uchun tezkor shtab tashkil etgan edi.
Izoh (0)