Janubiy Koreya KXDRning raketa-yadro tahdidiga qarshi turish uchun o‘zining atom suvosti kemalariga ega bo‘lishi zarur. Bu haqda Janubiy Koreyada amalda bo‘lgan hukumat tarafdori hisoblangan “Senuri” partiyasiga mansub 23 deputatdan iborat tashabbuskor guruhning 29-avgust, dushanba kuni tarqatilgan bayonotida so‘z boradi, deya xabar beradi “TASS”.
“Harbiylarimiz Shimoliy Koreya kemalarini yaxshiroq aniqlash va ularga hujum qilish uchun atom suvosti kemalariga ega bo‘lishi lozim. Pxenyan nafaqat mintaqa davlatlari, balki butun dunyodaga xavf solayotgan harbiy fitnalarini to‘xtatishi shart. Shimoliy Koreya yadro sinovlari va raketa uchirishlar oxir-oqibat o‘z-o‘zini yo‘q qilishiga olib kelishini anglab yetishi lozim”, — deyiladi hujjatda.
Deputatlarga ko‘ra, uch tomondan dengizlar bilan qurshalgan Janubiy Koreya ballistik raketalar bilan qurollangan Pxenyan suvosti kemalari uchun nishonga aylanishi mumkin. Ularning fikricha, mamlakat o‘zining atom suvosti kemalariga ega bo‘lishi esa bu tahdidlarga barham beradi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)