Liviyada Fayz Sarajning Milliy birdamlik hukumatiga bo‘ysunuvchi qo‘shinlar Sirt shahrida IShIDga qarshi janglarda 27-avgust kuni davomida 32 nafar askarini yo‘qotdi. Shuningdek, shaharda joylashgan dala gospitalining ma’lum qilishicha, 120 kishi yaralangan, deya xabar bermoqda “TASS”.
Sarajning yangi mahkamasiga sodiq tuzilma 12-maydan buyon Sirt shahridan IShID jangarilarini chiqarib yuborish bo‘yicha operatsiyani o‘tkazmoqda. Operatsiya “Al-Bunyan al-Marsus” nomini olgan.
28-avgust kuni Milliy birdamlik hukumati kuchlari Sirtdagi terrorchilar marralariga hal qiluvchi hujumni boshladi. Kun davomida qo‘shinlar markaziy dahalardan birining ichkari qismiga kirib borishga muvaffaq bo‘ldi va u yerda joylashgan masjidni radikallardan qaytarib oldi. Bundan tashqari, “Al-Vasat” yangiliklar portalining xabar berishicha, to‘qnashuvlarda IShIDning tunislik rahbarlaridan biri Abu Umar at-Tunisiy yo‘q qilingan.
Kun davomida jangarilar tomonidan portlovchi moddalar joylangan beshta mashina portlatib yuborilgan. Terrorchilar ularning yordamida hujumni to‘xtatib qolishga uringan. Shuningdek, bir nafar xudkush terrorchi yo‘q qilingan.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)