Yaponiyaning asosiy oroli — Xonsyuga “Layonrok” to‘foni yaqinlashayotgani sababli mamlakat bosh vaziri Sindzo Abe Keniyadagi Afrikani rivojlantirish bo‘yicha VI Xalqaro Tokio konferensiyasi dasturi doirasidagi tashrifini qisqartirdi. Bu haqda, NHK telekanaliga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Xabarda qayd etilishicha, Abe 29-avgust kuni kechki payt, belgilangan muddatdan biroz avval Tokioga qaytadi. Bunday qaror Abening tabiiy ofatni bartaraf qilish operatsiyasida ishtirok etishi uchun qabul qilingani ehtimoli bor.
Yaponiya meteorologiya agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, “Layonrok” to‘foni ayni vaqtda Okinava prefekturasiga qarashli Minamidayto orolidan 300 kilometr janubi-sharqda joylashib turibdi.
“Layonrok” to‘foni Xonsyuga yopirilish-yopirilmasligi aniq emas. Ammo sinoptiklarning taxminicha, to‘fon 29-avgust, dushanba kunigacha shimoli-sharqqa qarab yo‘ngalish oladi hamda Ogasavaravai Idzu orollariga yopiriladi. Shundan so‘ng tabiiy ofat shimoli-g‘arbga qaytib, Yaponiyaning markaziy qismini o‘rab olishi mumkin.
Izoh (0)