Ba’zan filmning yakuniy montajidan so‘ng personajlar yo‘qolib qoladi. Bu odatda prodyuser yoki rejissyorlarning qarori bo‘lib, ular filmning sur’atini saqlash, davomiyligini qisqartirish yoki dramatik ta’sirni kuchaytirish maqsadida shunday yo‘l tutadi. Hatto taniqli aktyorlar ishtirok etgan sahnalar ham ortiqcha bo‘lib qolishi mumkin.
Anna de Armas
“Kecha” filmida aktrisa ishtirok etgan kadrlarning olib tashlanishiga sabab juda oddiy: kartinaning dastlabki versiyasini ko‘rgan sinov guruhi uning qahramoni va Jek Malik o‘rtasidagi romantik munosabatlarga salbiy munosabat bildirgan. Tomoshabinlar Jekning sevgilisiga sodiq qolishini ma’qul ko‘rishgan.
“Kecha” komediyasi musiqachi Jek Malik haqida hikoya qiladi. U Bitlz guruhini eslaydigan yagona odam o‘zi bo‘lgan dunyoda uyg‘onadi. Ularning qo‘shiqlari tufayli Jek muvaffaqiyatga erishadi, ammo Lili Jeyms ijro etgan qiz bilan munosabatlarida muammolar yuzaga keladi.
Film ssenariysi muallifi Richard Kertis Anna ishtirokidagi sahnalarni kesib tashlashga majbur bo‘lganidan afsuslangan, chunki u o‘z rolini ajoyib tarzda ijro etgandi. Shunga qaramay, Universal Pictures kinostudiyasi De Armasni film treyleriga kiritadi, bu esa u muhim rol o‘ynayotgandek taassurot uyg‘otgan. Shu sababli aktrisaning bir nechta muxlislari kompaniyani sudga beradi: ular o‘zlarini aldangan deb hisoblashdi. Biroq sud jarayonida yutib chiqishmagan.
Tim Rot
Aktyor Kventin Tarantinoning to‘rtta filmida: “Quturgan itlar”, “Jinoiy asar”, “To‘rt xona” va “Jirkanch sakkizlik”da rol o‘ynagan, biroq e’tiborli tomoshabin uning ismini beshinchi filmda ham ko‘rishi mumkin. Tim Rot “Bir paytlar Gollivudda” filmining yakuniy titrlarida Leonardo Di Kaprio va Bred Pittdan keyin ko‘rsatiladi, ammo uni ekranda ko‘rmaysiz, chunki Rot bilan bog‘liq barcha sahnalar kesib tashlangan.
Tim Rot Jey Sebringning xizmatkorini ijro etishi kerak edi, lekin britaniyalik aktyor ishtirok etgan kadrlarni olib tashlashga to‘g‘ri keldi. Buning sababi film haddan tashqari cho‘zilib ketgan: dastlab u to‘rt soat davom etgan va uning ishtirokidagi sahnalar voqealar rivojiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagandi. Tarantino 2019-yilda film ekranlarga chiqqandan so‘ng, intervyuda Rot “jamoaning bir qismi” bo‘lishiga qaramay, uning qahramoni tasvirlangan kadrlar faqatgina “qiziqarli kichik epizod” bo‘lib, yakuniy variantga mos kelmasligini aytgan.
Pol Radd
Dastlab Pol Figning “Vegasdagi bazm” komediyasida aktyor yomon fe’l-atvorli erkak rolini ijro etishi mo‘ljallangandi. Polning qahramoni Kristen Uig qahramoni bilan uchrashuvga chiqadi. Syujetga ko‘ra, ularning uchrashuvi muz maydonchasida bo‘ladi, ular konkida uchayotganda Raddning qahramoni nojo‘ya harakatlar qiladi. Ammo montajda bu sahnani olib tashlashga qaror qilishadi: prodyuserlar Ennining Jon Xemm va Kris O‘Doud qahramonlari bilan bo‘lgan sevgi uchburchagini hisobga olgan holda, bu sahnani ortiqcha romantik yo‘nalish deb hisoblashadi.
Harrison Ford
Aktyor “O‘zga sayyoralik” filmida bosh qahramon Elliot ismli bola ta’lim oladigan maktab direktori rolini o‘ynagandi, biroq Harrison Ford ishtirokidagi sahna kinohitning yakuniy talqinidan chiqarib tashlanadi. Film rejissyori Stiven Spilberg Fordning bunday kichik rolda qatnashishi aktyorning tobora oshib borayotgan mashhurligini hisobga olib, tomoshabinlar e’tiborini chalg‘itishi mumkin, deb hisoblaydi. Bundan tashqari, filmda bola dunyoqarashiga urg‘u kamayib ketishi mumkin edi.
Izoh (0)