O‘zbekiston viloyat markazlari orasida 24-avgust kuni eng issig‘i Termiz shahri bo‘ldi. “O‘zgidromet” markazi ma’lumotlariga ko‘ra (pdf), shu kuni Surxondaryo viloyati ma’muriy markazida havo harorati +36 darajagacha ko‘tarilgan.
Xuddi shunday harorat Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi shahrida ham qayd etilgan. “O‘zgidromet” hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonning boshqa hech bir hududida 24-avgust kuni bundan yuqori harorati qayd etilmagan.
Ayni vaqtda, Urganch shahri 24-avgust kuni O‘zbekiston yirik shaharlari va viloyat markazlari orasida eng salqin bo‘ldi — Xorazm viloyati ma’muriy markazida chorshanba kuni havo harorati +30 darajadan oshgani yo‘q.
Eng salqin havo, odatdagidek, O‘zbekistonning tog‘li hududlarida kuzatilgan (Qamchiq — +21 daraja, Chimyon — +24 daraja iliq). Shahar va qo‘rg‘onlar orasida eng salqini Toshkent viloyatidagi Angren va Jizzax viloyatidagi Lalmikor bo‘ldi — bu ikki aholi yashash puntkida havo harorati +29 darajani tashkil etdi.
24-avgust kuni kunduzi va 25-avgustga o‘tar kechasi O‘zbekistonda yog‘ingarchilik kuzatilgani yo‘q. Eng kuchli shamollar esa, so‘nggi bir haftaga xos ravishda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida kuzatildi — Urganchda shamolning tezligi soniyasiga 11 metrga, Nukusda 16 metrga, Jasliqda esa 22 metrga yetdi.
Ma’lumot uchun, 24-avgust kuni O‘zbekiston viloyat markazlari va yirik shaharlarida havo haroratining eng yuqori ko‘rsatkichi quyidagicha ko‘rinish oldi: Nukusda +31 daraja, Samarqand, Jizzaxda +32 daraja, Toshkent, Buxoro, Navoiy, Guliston, Qarshi, Namanganda +33 daraja, Andijon, Farg‘onada +34 daraja.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)