Toshkentda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida yuqori voltli elektr uzatish liniyalari va taqsimlash punktlarini ta’mirlash hamda modernizatsiya qilish ishlari davom ettirilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Elektr energiyasini stansiyalardan iste’molchilarga yetkazib berishda ma’lum yo‘qotishlar bo‘ladi. Aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash va yo‘qotishlarni ma’lum miqdorda kamaytirish energiya yetkazib beruvchilarning muhim vazifalaridandir. “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatidan ma’lum qilinishicha, elektr energiyasiga bo‘lgan talab muttasil oshib bormoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda yangi korxonalar, firma va kompaniyalar tashkil etilmoqda. Ayni paytda Toshkentda 595 mingdan ortiq jismoniy va 18 mingdan ortiq yuridik iste’molchi shahar elektr ta’minoti tarmoqlariga ulangan. Bularning bari elektr ta’minoti tarmoqlari faoliyatini yanada kengaytirish, elektr uzatish liniyalarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati va transformator nimstansiyalari quvvatini oshirishni talab etadi. Bu borada tarmoqlar modernizatsiya qilinib, eskirgan elektr uzatish simlari yangisiga almashtirilmoqda, foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lov intizomini oshirishga doir ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda Toshkentdagi 341 kichik transformator nimstansiyasi kapital ta’mirlandi, ishga yaroqsiz bo‘lgan stansiyalar yangilandi, 41,6 kilometrlik elektr tarmoqlari rekonstruksiya qilinib, 94 tarmoq transformatori ta’mirlandi. Kuz-qish mavsumida elektr tarmoqlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash borasida ham keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shaharning barcha tumanlarida bu boradagi ishlarni muvofiqlashtiradigan shtablar faoliyat yuritmoqda, tuman elektr tarmoqlari xodimlarining tunu kun navbatchiligi yo‘lga qo‘yilgan, avariya brigadalari shay holatga keltirilgan. Toshkent shahar yong‘in xavfsizligi boshqarmasi bilan ham yaqin hamkorlik o‘rnatilgan.
Zamonaviy axborot texnologiyalari elektr ta’minoti sohasiga ham muvaffaqiyatli joriy qilinmoqda. Elektr energiyasi iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilgani hamda yangi elektron hisoblash priborlarining o‘rnatilishi natijasida iste’molchilar bilan elektr energiyasi uchun hisob-kitob oldindan to‘lash shaklida amalga oshirilmoqda. Balans “nul” bo‘lgan holatda markaziy elektr ta’minotiga ulash va o‘chirish to‘liq avtomatlashtirilgan. Masalan, Bektemir tumanida zamonaviy yangi tizim muvaffaqiyatli joriy etilgani samarasida foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lov intizomi yuksalib, iste’molchilarning qarzdorlik darajasi kamaygan.
Elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgani uning sarfini kamaytirish va undan tejab foydalanish usullarini joriy qilishni talab etmoqda. Energiya tejaydigan uskunalarni qo‘llash sarflanadigan energiyaning umumiy hajmini kamaytirish va iste’molchilar mablag‘ini iqtisod qilish imkonini beradi. Hozirgi kunda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan va keng qo‘llanilayotgan energiya tejaydigan lyuminessent va svetodiod lampalar bunga yorqin misol bo‘la oladi.
Bundan tashqari, “Elektr hisobga olish” dasturi yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun o‘z vaqtida mablag‘ yig‘ib olish jarayonini takomillashtirishga xizmat qilayotir. Tijorat banklari, “O‘zbekiston pochtasi”, Paynet to‘lov tizimlari ko‘rsatilayotgan xizmat uchun to‘lov tizimini takomillashtirishning muhim usullaridandir. Buning samarasida elektr energiyasi to‘lovlari tizimi soddalashtirildi, elektr energiyasidan foydalanish tartibi nazoratga olindi. Dastur online texnologiyalari orqali iste’molchilarga shaxsiy kabinet va SMS-xabar yordamida tezkor axborot taqdim etishni avtomatlashtiradi. Har bir iste’molchi mazkur dastur orqali to‘lovning joriy balansi, kelib tushgan to‘lov, hisoblash uskunasidan olingan ko‘rsatkichlar, hisob-kitob jarayoni va to‘lovning joriy holati haqidagi axborotdan foydalanishi mumkin.
Izoh (0)