Rio—2016 Olimpiadasining 64 kilogrammgacha vazn toifasidagi bokschilari o‘rtasidagi turnirda O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Fazliddin G‘oibnazarov hisob bo‘yicha uchinchi jangini o‘tkazdi.
Amerikalik Garri Russelga qarshi ringga chiqqan G‘oibnazarov dastlabki ikki raundni o‘z foydasiga hal qildi. Faqatgina ikkinchi raundda hakamlardan bittasi o‘zbekistonlik sportchini 9 ballga loyiq ko‘rdi, qolgan barcha jabhada ustunlik Fazliddin tomonida bo‘ldi.
Nisbatan qiyinroq kechgan uchinchi raunddan keyin ochkolar bo‘yicha ustunlik qilgan O‘zbekiston sportchisi yarim finalga yo‘llanma oldi va eng kamida bronza medalini naqd qildi.
Fazliddin 1/16 finalda kongolik Malonga Dzalamouni, 1/8 finalda esa hindistonlik Manoj Kumarni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lgandi.
64 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi turnir yarim finali 19-avgust sanasiga tayin qilingan. Unda G‘oibnazarov rossiyalik Vitaliy Dunaytsevga qarshi jang qiladi.
Izoh (0)