Qirg‘iziston poytaxti Bishkek tashqarisida 29-iyul, juma kuni ertalab noma’lum shaxslar mamlakat Bosh prokuraturasi xodimiga tegishli avtomobilni portlatib yubordi, deb yozadi “Interfaks” Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligiga tayanib.
“Bugun ertalab O‘rtasoy qishlog‘ida (Bishkekdan 8 km masofada) portlash yuz berdi. Hodisa avtomobil egasi uning eshigini ochgan paytda sodir bo‘ldi”, — deya ma’lum qildi IIV matbuot xizmati.
Jabrlanuvchi kasalxonaga yotqizilgan, uning o‘ng qo‘li jarohatlangan.
“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlovchi qurilma ishga tushgan, ammo yakuniy xulosani ekspertiza beradi. Hozir voqea joyida sapyorlar va tergov-tezkor guruhi ishlamoqda”, — dedi IIV vakili.
Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi rasmiy vakili avtomobil portlashi natijasida jarohatlangan shaxs muassasa xodimi ekanligini tasdiqladi. “U Bosh prokuraturaning xizmat tergovlari bo‘limi katta prokurori Erkin Qurmanaliyev”, — dedi u.
Izoh (0)