GFR prezidenti Yoaxim Gauk Namibiyada 1904–1908-yillarda, u Germaniyaning mustamlakasi bo‘lgan paytda mahalliy aholi vakillaridan 75 ming kishi o‘ldirilgani bilan bog‘liq tarixiy hodisa uchun mamlakat xalqi va hukumatidan uzr so‘raydi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Spiegel jurnalining bildirishicha, Yoaxim Gauk ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasidagi muzokaralar yakunlanganidan so‘ng bu borada rasmiy bayonot beradi. Muzokaralar shu yilning oxiriga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shuningdek, ikki davlat parlamentlari va hukumatlari qo‘shma deklaratsiya qabul qilib, unda germaniyalik mustamlakachilarning xatti-harakatlarini genotsid deb tan oladi.
Genotsid masalasidan tashqari, Germaniya va Namibiya hukumatlari Future Foundation qo‘shma jamg‘armasini tashkil etish hamda bir qancha infrastruktur loyihalar realizatsiyasi yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.
Ma’lumot uchun, 1880-yilda Namibiya o‘rnida Germaniyaning Janubi-G‘arbiy Afrika mustamlakasi tashkil etildi. 1903-yilda mahalliy xalqlardan biri — gererolar bosqinchilarga qarshi isyon ko‘tardi, bir yildan so‘ng ularga nama elati ham qo‘shildi. Isyonni bostirish chog‘ida germaniyalik mustamlakachilar gererolarning 50–80 foizini qirib tashladi. Tarixchilar Germaniya hukumatining xatti-harakatlarini yangi tarixdagi eng birinchi genotsid deb baholaydi.
Izoh (0)