Toshkentdan Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari tomon “Salomatlik” poyezdi jo‘nab ketdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tibbiy-ijtimoiy aksiya “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati va boshqa muassasalarning moliyaviy ko‘magida tashkil etildi.
Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga “Salomatlik” poyezdi borishi munosabati bilan ushbu hududlarda 25-mayga qadar salomatlik kunlari tashkil etiladi. Bir hafta davomida Toshkentdan borgan malakali shifokorlar va “Sog‘lom avlod uchun” fondining viloyatlardagi ko‘chma tibbiy ijtimoiy yordam brigadalari mutaxassislari tomonidan bolalar, xotin-qizlar, ko‘p bolali oilalar a’zolari va boshqa tibbiy-ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, xastalik aniqlanganlarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi uchrashuvlar tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Xayriya aksiyasi davomida aholiga va davolash profilaktika muassasalariga oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, dori-darmon, tibbiyot anjomlari, sanitariya-gigiyena vositalari va boshqa muruvvat yuklarini yetkazib berish rejalashtirilgan.
Izoh (0)