O‘zbekistonlik futbolchi Sardor Rashidov to‘p suradigan “Al-Jaish” klubi 29-aprel kuni Qatar Kubogi finalida “Lahviya”ga qarshi to‘p suradi.
Musobaqaning yarim finallari Qatar Yulduzlar Ligasida dastlabki to‘rt o‘rinni qo‘lga kiritgan klublar o‘rtasida kechdi. Chempionatning kumush medallariga ega chiqqan “Al-Jaish” bronza medali sohibi “As-Sadd” bilan kurash olib bordi va 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.
“Al-Jaish” klubining Twitter’dagi rasmiy sahifasi uchrashuvning 33-daqiqasida hisob Sardor Rashidov tomonidan ochilganligini ko‘rsatdi. To‘p o‘zbekistonlik futbolchi tomonidan jarima maydonchasi ichiga burchakdan yetkazib berilgan va “As-Sadd” futbolchilaridan biriga tegib, darvozadan joy olgan.
هدف #الجيش الاول #الجيش_السد ١-٠ #كاس_قطر_٢٠١٦ #كاس_قطر_لايف pic.twitter.com/UEPT5yLVFJ
— مؤسسة دوري نجوم قطر 🇶🇦 (@QSL) April 25, 2016
Qayd etish kerak, “As-Sadd” chempionatning kumush medallari uchun kechgan kurashda “Al-Jaish” bilan 2:2 hisobida durang o‘ynab, yakunda 3-o‘rin bilan cheklangan va o‘sha bellashuvda Sardor Rashidov maydonga tushmagandi.
Mamlakat Kubogining ikkinchi yarim finalida “Lahviya” Yulduzlar Ligasining amaldagi chempioni “Ar-Rayyan” ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi — 3:1. 29-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan final o‘yinida Rashidov jamoadoshlari “Lahviya”ga qarshi saf tortadi.
Ma’lumot uchun, “Lahviya” klubi Sardor Rashidovning sobiq jamoasi hisoblangan “Bunyodkor”ni qatorasiga ikki mavsum davomida Osiyo Chempionlar Ligasining guruh bosqichida qoldirib ketdi.
Izoh (0)