Shveysariya hukumati Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) sobiq prezidenti Yozef Blatterdan Burundi prezidenti Pyer Nkurunzizani amalidan tushirishda yordam so‘ragan. Bu haqda Blatter o‘z kitobida ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
Kitobdan parcha Keirradnedge.com portalida keltirildi. 80 yoshli Blatterning kitobi 21-aprel kuni Syurixda taqdim etiladi.
Kitob matnida aytilishicha, Shveysariya tashqi ishlar departamenti AQSh ko‘magida Blatterga murojaat qilgan, chunki u mamlakat ichida Lidiya Nsekeru (FIFA ijroiya qo‘mitasining birinchi ayol a’zosi) orqali katta ta’sirga ega bo‘lgan. Nkurunziza 2005-yilda Burundi prezidentiga aylangan, 2010-yilda esa yangi muddatga qayta saylangan. Mamlakat qonunlari prezidentga o‘z lavozimida ketma-ket ikki muddatdan uzoqroq qolishga ruxsat bermaydi, ammo o‘tgan yili u saylovlarda yana o‘z nomzodini ilgari surdi va katta farq bilan g‘alaba qozondi.
Buning natijasida xalqaro hamjamiyat mamlakat hududida qurolli to‘qnashuvlar davom etishidan xavfsiradi, buning ustiga, Nkurunziza Burundi hududiga BMT tinchlikparvar kuchlarini joylashtirishdan bosh tortgan edi.
Natijada Shveysariya hukumati va AQSh Blatterga murojaat qilib, Nkurinzizani siyosiy ishlardan chalg‘itish uchun unga FIFA tuzilmasidagi lavozimlardan birini taklif qilishni so‘radi. Biroq ushbu reja noma’lum sabablarga ko‘ra, amalga oshmay qoldi.
Izoh (0)