Yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Yelmurat Tasmuradov (-59 kg) Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida o‘tkazilayotgan birinchi jahon litsenzion turnirida muvaffaqiyatli ishtirok etib, Rio–2016 Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma oldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Saralash musobaqalarida Isroil, Shvetsiya va Vengriya terma jamoasi a’zolarini mag‘lub etgan Yelmurat yarim finalda Janubiy koreyalik Syongxak Kimga imkoniyatni boy berdi. Shundan so‘ng, o‘zbekistonlik sportchi bronza medali uchun kechgan bellashuvda bolgariyalik Serafim Angelovni 8:0 hisobida yengdi.
Qoidaga ko‘ra, finalchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. Bronza medali sohiblari esa Rio–2016 Olimpida o‘yinlarining litsenziyalari uchun o‘zaro bahs yuritadi. Olimpiada yo‘llanmasi uchun kechgan bellashuvda Yelmurat gruziyalik raqibi Revaz Lashxini 4:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, Rio–2016 o‘yinlarining yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
Shunday qilib, o‘zbeksitonlik sportchilar tomonidan Rio–2016 o‘yinlariga qo‘lga kiritilgan yo‘llanmalar soni 68 taga yetdi. Shundan 25 tasi paralimpiyachilarga tegishli.
Bugun, 22-aprel kuni, o‘zbekistonlik kurashchi Mo‘minjon Abdullayev (-130 kg) Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmasi uchun gilamga chiqadi. Eng og‘ir vazn toifasida bronza medalga sazovor bo‘lgan Mo‘minjon Rio–2016 o‘yinlarining yo‘llanmasi uchun bolgariyalik Miroslav Mitodiyevga qarshi bahs yuritadi.
Izoh (0)