Turkiyaning Yatirim Finansman brokerlik kompaniyasi Turkish Airlines aksiyalarining sotilishini tezlashtirib yubordi. Bu haqda, Bloomberg agentligiga asoslanib, “RBK” yozmoqda.
Joriy yil davomida Yatirim Finansman aviakompaniya aksiyalarining 144 million lira yoki 51 million dollarlik ulushini xarid qildi va Turkish Airlines qimmatbaho qog‘ozlarining yil davomidagi eng yirik netto-xaridoriga aylandi. Kecha, 20-aprel kuni brokerlik firmasi 68 million lira (24 million dollar) qiymatdagi aksiyalarni sotdi — bu mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turgan bozor ishtirokchisidan ikki barobarga ko‘p demakdir.
Buning oqibatida Turkish Airlines qimmatbaho qog‘ozlarining narxi besh oy davomidagi eng past natijani qayd qildi. Sotuvlar hajmi 145 million aksiyaga yetdi, bu, o‘z navbatida, 2009-yil iyulidan buyon qayd qilingan eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.
Borsa Istanbul 100 Index birjasida aviakompaniya aksiyalari narxi 6,8 foizga tushib ketdi.
Bloomberg agentligining taxmin qilishicha, aksiya narxlarining qulashi va umuman Turkiya fond bozoridagi savdolar hajmining ko‘payishi nomi keltirilmayotgan sirli treyder bilan bog‘liqdir. U bozorga taxminan yarim yil muqaddam kirib kelgan.
Bu noma’lum investor Turkiyada hazilomuz tarzda herif deb ataladi. Ilgari shartnomalarning 2 foiziga egalik qilgan Yatirim Finansman shu shaxs yoki kompaniya bilan aloqalar tufayli bozordagi eng yirik netto-xaridorga aylandi.
“U chinni do‘koniga kirib qolgan ho‘kiz misoli. Uning qo‘lida hammanikidan ko‘ra katta mablag‘ bor, u bozorni xohlagan yo‘liga burishi mumkin”, — deb bunga munosabat bildirdi Ak Portfoy menejeri Kerem Baykal.
Izoh (0)