Bugun, 18-mart kuni Shveysariyaning Nyon shahrida futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar Ligasining chorak finaliga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. UEFA rasmiy sayti chorak finla juftliklarining har biriga alohida ta’rif berib bordi.
“PSJ” — “Manchester Siti”
Mazkur juftlik aniqlanishi bilan UEFA rasmiy sayti unga: “Yevropaning ayni vaqtdagi eng boy ikki jamoasi”, deb ta’rif berdi. Parij va Manchester shahri jamoalari hozirga qadar o‘zaro faqatgina bir marta — 2008/2009-yilgi mavsumda UEFA Kubogining guruh bosqichida to‘qnash kelgan. Angliyada bo‘lib o‘tgan o‘yinda hisob ochilmagan edi.“Volfsburg” — “Real Madrid”
Bu juftlik hozirga qadar Yevropa miqyosidagi turnirlarda o‘zaro uchrashmagan. “Volfsburg” klubi a’zosi Yulian Draksler “Shalke” sharafini himoya qilayotganida Chempionlar Ligasi nimchorak finalida “Real Madrid” bilan ikki bor to‘qnash kelgan. Qiziq tomoni, “Shalke” 4:3 hisobida g‘alaba qozongan bitta o‘yinda Draksler ko‘rinish bermagan.“Bavariya” — “Benfika”
Mazkur jamoalarning so‘nggi olti to‘qnashuvida Portugaliya klubi g‘alaba qozona olmagan. Ikkita bellashuvda kuchlar teng kelgan bo‘lsa, qolgan to‘rtasida Myunxen klubining qo‘li baland kelgan. Bu ikki jamoa so‘nggi bor 1995-yilda o‘zaro maydonga tushgan.“Barselona” — “Atletiko Madrid”
Madrid jamoasi ketma-ket uchinchi mavsum chorak finalda Ispaniya klubi bilan to‘qnash kelmoqda. Ikki yil muqaddam Diyego Simeone jamoasi “Barselona”ni turnirdan chiqarib yuborgan edi. “Kamp-Nou”da 1:1 hisobidagi durang qayd etilgan bo‘lsa, Madridda “Atletiko” yagona gol evaziga zafar quchgan. O‘tgan mavsumda esa “Real” ikki o‘yin natijasiga ko‘ra “Atletiko”dan 1:0 hisobida ustun kelgan.Ahamiyatli tomoni, Kataloniya klubi “Atletiko”ga qarshi o‘zaro o‘yinlarning so‘nggi oltitasida g‘alaba qozongan. Messi bu o‘yinlarning beshtasida gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Umuman olganda, Messi “Atletiko” uchun eng xavfli futbolchi. Argentinalik hujumchi mazkur jamoaga qarshi 25 ta o‘yinda maydonga tushib, 27 ta gol urgan.
Izoh (0)