Bugun, 15-mart kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ning Pekindagi qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov raisligida ShHTga a’zo davlatlar milliy koordinatorlar kengashining yig‘ilishi ish boshladi. Unda ShHT Bosh kotibi R. Alimov va ShHT mintaqaviy aksilterror tuzilmasi direktorining o‘rinbosari A. Pirov ham ishtirok etmoqda. Bu haqda “Jahon” axborot agentligi ma’lum qildi.
18-martga qadar davom etadigan mazkur yig‘ilish ishtirokchilari Shanxay hamkorlik tashkilotining yubiley yili hisoblanadigan 2016-yilga mo‘ljallangan ish rejasi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi.
Yig‘ilish davomida ShHTga a’zo davlatlar, kuzatuvchi davlatlar va muloqot bo‘yicha sheriklarning siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari muhokama etiladi.
Asosiy e’tibor iyun oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining yig‘ilishiga tayyorgarlik masalasiga qaratiladi.
Izoh (0)