Nottingem va Yel universitetlari iqtisodiyotchilari kelgan xulosaga ko‘ra, institutsional korrupsiya va qalloblik darajasi eng yuqori bo‘lgan davlatlarda yashovchi odamlar yolg‘on gapirishga ko‘proq moyil bo‘ladi. Bu haqda Nature jurnalida chop etilgan tadqiqotga asoslanib, N+1 ma’lum qildi.
Olimlar 159 mamlakatdagi korrupsiya darajasi haqida ma’lumot to‘pladi. Ular orasidan 23 mamlakat tanlab olindi. Shu mamlakatlarda besh yil davomida tajribalar o‘tkazildi, ularga jami 2,5 ming kishi jalb qilindi. Ko‘ngillilarning o‘rtacha yoshi 21 ni tashkil qildi.
Tajriba metodikasiga ko‘ra, ishtirokchilarga olti qirrali o‘yin soqqasini tashlash taklif qilinardi. Tushgan raqam qancha katta bo‘lsa, o‘yinchi ham shuncha katta miqdorda mukofot olishi lozim edi. Eng muhim jihati — kuzatuvchilar soqqa qanaqasiga tushganini ko‘ra olmas, raqamni ishtirokchining o‘zi ularga ma’lum qilishi talab etilardi. Korrupsion jamiyatda yashab o‘rgangan odamlar yolg‘on ishlatib, tushgan raqamni kattalashtirib aytishi holatlari ko‘proq kuzatildi.
Tajribalar natijasida yolg‘on gapirishga moyilligi eng yuqori odamlar Xitoy, Marokash, Keniya, Tanzaniyada yashashi aniqlandi. Aholisi eng kam yolg‘on ishlatadigan davlatlar esa Avstraliya, Niderlandiya va Buyuk Britaniya bo‘lib chiqdi.
Izoh (0)