Litvaning Skuodas shahridagi maktab o‘qituvchisi o‘zining 77 nafar o‘quvchisiga sil kasalini yuqtirdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Mamlakat fan va ta’lim vaziri o‘rinbosari Natalya Istominaning bildirishicha, sil tarqalishiga o‘qituvchi ayolning sog‘lig‘iga e’tiborsizlik bilan qaragani sabab bo‘lgan.
“U silga chalinganini bilmagan, biroq yo‘talib yurgan. Bunga atrofdagilar va hamkasblari e’tibor qaratgan, biroq o‘zi shifokorlarga murojaat etmagan. O‘qituvchida xavfli kasallik yil boshida ikki o‘quvchi sil tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgandan keyin aniqlangan. Shundan so‘ng maktab jamoasi yoppasiga rentgen ko‘rigiga yuborildi. Ko‘rikdan so‘ng ayol kasalxonaga yotqizilgan”, — deya ma’lum qilgan vazir o‘rinbosari.
Shifokorlarning bildirishiga ko‘ra, o‘qituvchining o‘pkasida o‘zgarishlar bir necha yil avval boshlangan va bundan uning o‘zi xabardor bo‘lgan. Skuodas shahri meri Pyatras Pushinskasning aytishicha, hozirda vaziyat nazoratga olingan bo‘lib, maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari hamda ularning oila a’zolari tekshiruvdan o‘tkazilgan, dezinfeksiya uchun mablag‘ ajratilgan.
Izoh (0)