Sport uskunalarini ishlab chiqaruvchi Head kompaniyasi doping qabul qilganligi fosh bo‘lgan rossiyalik tennischi Mariya Sharapova bilan shartnomani uzaytirish niyatini ma’lum qildi, deb yozadi “TASS” The Times nashriga tayanib.
O‘z bayonotida kompaniya Sharapovaning jasoratini qo‘llab-quvvatladi. “U (doping haqida) bayonot berib va o‘z xatosini tan olib ko‘rsatgan odilligi va jasorati tahsinga sazovor”, — deyiladi matnda. “Head Mariyani hozir va kelajakda ham qo‘llab-quvvatlashidan faxrlanadi, va biz u bilan shartnomani uzaytirmoqchimiz”.
Head’dan tashqari, rossiyalik tennischi ayni paytda Nike, Cole Haan, TAG Heuer, Samsung, Evian va Porsche kompaniyalari bilan oltita shaxsiy homiylik shartnomalariga ega.
Avvalroq rossiyalik tennischi, dunyoning eng boy ayol sportchisi Mariya Sharapova Los-Anjelesdagi maxsus matbuot anjumani chog‘ida 2016-yilgi Avstraliya ochiq chempionatida undan olingan namunalarda taqiqlangan dori — meldoniy topilganini tan oldi. Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) rossiyalik sportchi 12-martdan boshlab barcha musobaqalardan chetlatilishini ma’lum qildi.
Izoh (0)