Malayziyaning Boeing MH370 samolyotini Hind okeanida qidirish ishlarida qatnashayotgan kemalar soni to‘rttaga yetdi, deya xabar bermoqda “TASS” Xalqaro muvofiqlashgan qidiruv markaziga tayanib.
So‘nggi oylar davomida qidiruvlarni Avstraliya tomonidan kiraga olingan Fugro Discovery, Fugro Equator va Havila Harmony kemalari olib borayotgan edi, o‘tgan hafta oxiriga kelib, ularga Xitoyning Dong Hai Jiu 101 kemasi qo‘shildi.
Avstraliya sohillaridan g‘arbda joylashgan qidiruv zonasining umumiy maydoni 120 ming kvadrat kilometrni tashkil etadi, ayni paytgacha uning 85 ming kvadrat kilometrdan ortiq qismi o‘rganib chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kuala-Lumpurdan Pekinga yo‘l olgan va bortida 227 nafar yo‘lovchi, 12 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan layner 2014-yil, 8-martga o‘tar kechasi g‘oyib bo‘lgan. Havo kemasi Hind okeanining janubiy qismiga qulagani taxmin qilinadi, biroq hozirgacha buning dalillari topilmagan.
Izoh (0)