Turkiya Su-24 samolyoti urib tushirilganidan so‘ng yuzaga kelgan muammolarni diplomatik yo‘l bilan muhokama etish va hal qilishga harakat qilyapti, biroq Rossiya keskinlikni kuchaytiradigan qadamlar tashlamoqda. Bu haqda Turkiya prezidentining matbuot kotibi Ibrohim Qalin ma’lum qildi, deya xabar beradi “RBK”.
Uning aytishicha, Rossiya o‘zini “mantiqsiz targ‘ibot, asossiz ayblov va aldovga urg‘u berayotgan, jiddiy bo‘lmagan davlat” sifatida tutmoqda.
“2016-yil 29-yanvar kuni Rossiya yana Turkiya havo chegarasini buzdi. Shundan so‘ng prezident Erdo‘g‘on Vladimir Putin bilan telefon orqali bog‘lanishga harakat qildi, biroq Rossiya tomoni bunga ro‘yxushlik bermadi”, — deya ta’kidlagan Qalin.
Bu holat Moskvaning Anqara mazkur masalalarni Rossiya bilan emas, NATOdagi sheriklari bilan muhokama etayotgani haqidagi bayonotlari samimiy emasligidan dalolat beradi. “Bir tomondan, Putin Erdo‘g‘on bilan muloqotdan o‘zini olib qochyapti, ikkinchi tomondan, ‘biz bilan hech kim bog‘lanmadi’, deb da’vo qiladi”, — deya taajjubini bildirgan matbuot kotibi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Putin Turkiya prezidenti bilan uchrashishdan bosh tortgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)