Shveysariya federal hukumati mamlakatning barcha fuqarolariga shartsiz daromadni kafolatlash masalasini referendumga qo‘yishga rozi bo‘ldi. Referendum iyun oyida bo‘lib o‘tadi, deb xabar qiladi Meduza.
Agar qonunchilikdagi o‘zgarish qabul qilinsa, shveysariyaliklar ishlash yoki ishlamasligidan qat’i nazar har oy 2500 frank (2250 yevro) miqdorida daromad oladi. Bolalarga 625 frankdan to‘lanadi.
Barcha fuqarolarni shartsiz daromadga o‘tkazish mamlakatga bir yilda 208 milliard frankka tushadi. Bundan 150 milliardni soliqlardan, qolgan qismini ijtimoiy sug‘urta jamg‘armalaridan olish mo‘ljallangan.
Ushbu g‘oya tarafdorlari u amalga tatbiq etilgandan so‘ng mamlakat aholisining katta qismi ko‘p pul to‘lanadigan ishda emas, o‘ziga mos ish bilan shug‘ullanadi, deb hisoblamoqda.
Shartsiz daromad masalasi so‘nggi yillarda bir necha rivojlangan davlatlarda muhokama qilinmoqda. Finlyandiyada 2016-yil noyabrida taqdim etiladigan loyihaga ko‘ra, mamlakatning har bir fuqarosiga hukumat tomonidan har oyda 800 yevrodan to‘lanadi.
Izoh (0)