2015-yilda Toyota Corolla’ning dunyo bozorlaridagi sotuvi, modelning barcha modifikatsiyalarini hisobga olganda, 1 million 339 ming 24 donani tashkil etib, 2014-yilga nisbatan 4,7 foizga oshgan. Shu tariqa mazkur avtomobil jahonda eng ko‘p xarid qilingan modellar reytingida birinchilikni egallagan. Bu haqda Focus2Move kompaniyasi hisobotiga tayanib, Motor xabar bermoqda.
Reytingning 2-o‘rnida Volkswagen Golf qayd etilgan — 1 041 229 ta avtomobil (8,4 foiz o‘sish). Ta’kidlash joizki, modellar orasida avtomobil sotish bo‘yicha 1 million chegarasidan o‘tish faqat Corolla va Golf’ga nasib etgan, xolos.
Shuningdek, ro‘yxatning kuchli o‘nligiga Ford F-Series (920 172), Ford Focus (826 221), Toyota Camry (754 154), Hyundai Elantra (746 924), Volkswagen Polo (692 182), Honda CR-V (696 594), Chevrolet Silverado (669 683) va Toyota RAV4 (664 382) modellari ham kirgan.
Ushbu ro‘yxatdagi eng yomon dinamika Ford Focus’da kuzatilgan: model 2014-yili ikkinchi o‘rinni (peshqadamlik o‘shanda ham Corolla’ga nasib etgandi) band etgan bo‘lsa, o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha to‘rtinchi o‘ringa tushib qoldi. Mazkur model sotuvi salkam 20 foizga pasaydi. O‘nlikdagi eng katta o‘sishni (12,9%) esa Chevrolet Silverado namoyish etgan.
Izoh (0)