Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini saqlash uchun zamonaviy depozitariy yaratish bo‘yicha olib borilgan ishlar yakunlandi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati. Hujjatlarni uzoq muddat va ehtiyotkorona saqlash maqsadida eng yangi texnologiyalar bilan jihozlangan depozitariy xonasida optimal mikroiqlim ta’minlanmoqda. Yong‘in xavfsizligiga alohida e’tibor qaratilgan.
Xalqaro tajribani inobatga olgan holda tanlangan saqlash usuli “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq Tashqi ishlar vazirligiga saqlash uchun topshirilgan 4 mingga yaqin hujjatlarning har biridan tezkorlik bilan foydalana olish imkonini yaratadi. Bajarilgan ishlar BMT Taraqqiyot dasturi texnik ko‘magi yordamida amalga oshirilgan.
Bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasining (Lex.uz) mamlakat xalqaro shartnomalariga tegishli qismi takomillashtirilmoqda. Hozirgi paytga kelib 1991—2015-yillarda tuzilgan 1200 ga yaqin O‘zbekiston xalqaro shartnomalari veb-saytga joylashtirildi.
Izoh (0)