Google Finance keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina devalvatsiya darajasi eng yuqori bo‘lgan mamlakatga aylandi. Bu haqda “Segodnya.ua” xabar bermoqda.
“Devalvatsiya xaritasi”ga ko‘ra, ikki yildan kamroq vaqt ichida (2014-yil 1-yanvardan 2015-yil 24-avgustgacha) grivna 170 foizga qadrsizlangan. Keyingi o‘rinda 118 foizlik devalvatsiya bilan Rossiya rubli qayd etilgan.
Ushbu xaritada o‘zbek so‘mi AQSh dollariga nisbatan 18 foizga qadrsizlanganini ko‘rish mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki valyutalar kurslari arxiviga ko‘ra, 2014-yil 1-yanvarda 1 AQSh dollari 2202,2 so‘mni, 2015-yil 24-avgustda 1 AQSh dollari 2590,38 so‘mni tashkil qilgan (qadrsizlanish 17,6 foiz).
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Markaziy banki 2015-yil 29-dekabrdan boshlab xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan yangi qiymatlarini belgiladi. Unga ko‘ra, 1 AQSh dollari 2809 so‘m 98 tiyin etib belgilandi.
Oldinroq O‘zbekiston so‘mi dollarga nisbatan qadrsizlanishi bo‘yicha MDHda 11-o‘rinni egallagani xabar qilingandi.
Izoh (0)